Podkastlar ko’paymoqda, TikTok, Instagram, Twitter va ijtimoiy tarmoqlar yangiliklarning asosiy manbaiga aylanib bormoqda va an'anaviy ommaviy axborot vositalarining ta'siri qisqarmoqda. Bu postda Jo Rogan fenomeni, bro-madaniyat, Donald Tramp va saylovdan navbatdagi xulosa va fikrlarim bilan bo’lishmoqchi edim.
Bro
Ahamiyat berganmisiz, D. Tramp oxirgi paytlarda UFC janglariga muntazam ravishda boradi, podkastlarga chiqadi, yosh strimerlar bilan uchrashadi, kriptovalyutalarni targ'ibot qiladi. Bular shunchaki qiziqish emas (UFCga siyosatga kirishdan avval ham qiziqar edi) balki aynan yosh va erkak (oq) ovoz beruvchilarni o'ziga jalb qilishga qaratilgan strategiya. Tramp saylovoldi strategiyasi juda puxta bo'lganligini va u ishlaganini tan olish kerak.
Saylovdan oldingi hafta/oylarda Tramp tom ma'noda podkastlarga chiqish gastrolini amalga oshirgan edi. Shunchaki podkastlar emas, balki aynan yosh, oq va erkaklar eshitadigan podkastlarda. Ya'ni, bro larga yaqinlashdi. Ularning orbitasida ko’p vaqt o’tqazdi. O’zim uchun ingliz tilida yangi so’zni shu narsalarni o’qish jarayonida kashf qildim - manosphere. Atlantic bu haqida yaxshi maqola yozgan edi.
Eng birinchi o'rinda turadigan va eng ko'p tinglanadigan podkast bu Jo Rogan podkasti (Spotify, Youtube, Apple va boshqa platformalarda). Rogan haqida ko’pchilik bilsa kerak, lekin Rogan konspirologiyani targ’ibot qilish bilan ham tanilgan edi. COVID paytida ham juda ko'p dezinformatsiya tarqatgan edi. Roganning asosiy auditoriyasini yosh va erkaklar tashkil etadi. To'g'rirog'i eshituvchilarning 80 foizi erkak va 51 foizi 18-34 yoshdagilar.
Bu aynan saylovlarda katta swing bo'lgan demografiyani tashkil etadi. Shuning uchun saylovdan oldingi hafta ichida Rogan podkastiga barcha MAGAchilar birma-bir chiqishdi, Trampning o'zi ham, JD Vance ham, Elon Mask ham. Uchchala epizod Youtubening o'zida 80 millionta ko'rilgan. Qolgan platformalarni qo'shsak kamida ikki barovar ko'proq eshitishlar bo'lsa kerak.
Ya’ni, ko’ryapsiza, Tramp uchun aynan Jo Rogan podkasti auditoriyasi kerak edi va ular unga ovoz berdilar.
Agar Jo Rogan shunchalik muhim bo’lsa, unda nega Harris podkastga chiqmadi?
Saylovdan bir necha kun oldin Jo Rogan Harrisni o’z podkastga taklif qilishda bosh tortgan edi. To'g'rirog'i, Harris podkastga chiqishga rozilik berib bir nechta talab qo’ygan ekan. Harris lageri faqat epizodni Texasda emas (Jo Rogan podkast studiyasi Texasning Ostin shahrida) Vashington DCda yozamiz, va bir soatgina davom etadi degan ekan. Rogan esa “yo'q, men Vashingtonga bormayman, siz keling mening oldimga” deganini aytib ijtimoiy tarmoqda yozgandi.
Ya'ni, amaldagi vitse-prezident saylovga bir hafta qolganda podkastingizga chiqaman desa Rogan bosh tortgan. To'g'rirog'i nozlangan, Texasdan Vashingtonga 3 soatda uchib borsa bo'lar edida, o'z shaxsiy samoleti ham bor. Axir, amaldagi vitse-prezident podkastchidan ko’ra biroz ko’proq ishlar bilan band bo’lishini inobatga olish kerak emasmi? “Harris Jo Rogan podkastiga chiqmadi demak u qo'rqdi, demak Harris ochiq suhbatdan qochdi va saylovchilarga ochilishdan bosh tortdi” degan narrativ paydi bo'ldi va ba'zi ovoz beruvchilar mana shu faktor ovozni Trampga berishga majburlaganini ham aytishgan.
Men Jo Rogan podkastini qandaydir yuksak kuchga ega yoki saylovni butunlay u hal qildi deb aytmoqchi emasman, lekin ba'zi shtatlarda Tramp atiga o'ng minglab ovoz farqi bilan yutganini inobatga olsak yuz millionlab odamlar eshitiladigan podkastga Harris chiqmagani va Tramp chiqqani o'sha ovoz beruvchilarga ta’sir etgan bo'lishi tayin.
Jo Rogan va Kremniy vodiysi
Endi bugungi kunlarga kelsam. Kuni kecha Jo Rogan podkastining yangi epizodi ijtimoiy tarmoqlarda ko'p aylandi. Unda yirik va mashxur venchur kapitalist Mark Andresen (Andreesen Horowitz) chiqqan ekan. Epizod chiqqanidan 24 soat o’tar o’tmas bir millionta odam tinglabdi. Epizodning ko’p muhokama qilingan qismi:
Qisqasi, Andresen nima uchun kremniy vodiysi MAGA tomonga o’tganini (xususan o’zi, va unga yaqinlar, masalan PayPal mafiyasi a’zolari) tushuntirib beribdi. Eng muhimi, AQShda iste'molchilarning moliyaviy huquqini himoya qiluvchi davlat agentiligini (CFPB) yomonlab, go'yo u agentlik MAGAchi bo'lgan investorlarni bank tizimlaridan ularning siyosiy qarashlari uchun uzib qo'yganini aytibdi. Andresenning so'zlariga ko'ra, bu agentlik orqasida Elizabet Uorrenning turadi, fintex bozorni bo’g’adi, yirik banklar bilan raqobatlashmoqchi bo'lgan yangi startaplarga to’sqinlik qiladi, investorlani qo’rqitadi.
Aslida CFPB 2008 yilgi inqirozdan keyin iste’molchilarni moliyaviy bozorda firibgarlardan, ponzi sxemachilardan himoya qilish uchun ochilgan bo’lib juda ko’plab iste’molchilarni shu kungacha himoya qilib keladi. CFPB qiladigan yana bir narsa - o'z mijozlarini aldagan yoki talon-taroj qilgan kompaniyalarni jazolash. Masalan, 2021 yilda CFBP LendUp degan kompaniyani mijozlarga xizmatlar to‘g‘risida yolg‘on gapirgani va odamlarga nima uchun kredit berishdan bosh tortgani haqidagi federal qoidalarga rioya qilmagani federal qoidalarga rioya qilmagani uchun yoptirgan. Ironiya shundan iboratki, LendUpning eng yirik investorlaridan biri Andreesen Horowitz edi. Ya’ni, mijozlarni aldaydigan korxonasini jazolagani uchun Andreesen tabiiyki CFPBdan hafa. Endi esa, podkastga chiqib bu tashkilotni yomon otliq qilyapti.
Rogan tabiiyki jiddiy va aniqlashtiruvchi savollarni bermagan va podkastdan xulosa shunday bo'lib qoldi - hukumatning iste'molchilar huquqini himoya qiluvchi agentligi go'yo bozorda raqobatni o'ldirib katta investorlarning bank hisob raqamlarini siyosiy qarashlari uchun uzib qo'yyapti. Nimaga bu epizod muhim? Chunki, Rogan podkastidan so’ng Elon Mask, de-fakto Trampning o’ng qo’li, o’zi egalik qiladidan ijtimoiy tarmoqda CFBPni, ya’ni iste’molchilarni moliyaviy bozorda firibgarlardan himoya qiladigan hukumat idorasini yopish kerak deb chiqibdi.
Jo Rogan va Zelensky
Saylovdan keyin Jo Rogan Zelensky va ukrainaliklar haqida ham gapirdi. Ukraina urushda qurollarni qo’llagani uchun ukrainaliklarni va Zelenskyni so’kib ularni uchinchi jahon urishini boshlashga urinishda ayblab chiqqan edi:
Eshitganingizdek, Zelenskyni qandaydir giyohvand modda iste’mol qilishda gumon qilib test qilaylik deydi. Bu gaplar Ukraina mediyasi tomondan ko’p munosabatlarga sabab bo’ldi, lekin eng muhim qismi shundan iboratki, podkastga Zelensky o’zi chiqishni hohlayotganini aytishganda Jo Rogan yo’q degan ekan!
Qiziq-a? Ukrainaliklarni so’kadi, Zelenskyni masxara qiladi, amerikaliklar auditoriyasiga Kreml propagandasini yoyadi, lekin shu urush haqida ikkinchi tarafni - jabrlanuvchilarni - tinglashga va eng muhimi o’sha ikkinchi tarafning gaplarini ommaga olib chiqishga esa qarshilik qiladi.
Paradoks? Yo’q, bu paradoks emas. Jo Rogan shunchaki uning asosiy auditoriyasiga qarshi fikrlarni olib chiqib “ikkinchi tarafga” efir vaqtini berishdan, o’z fikrlariga qarshi argumentlarni berib va haqiqatni ochib qo’yishi mumkin bo’lganlarni chaqirishdan qo’rqadiganga o’xshaydi. Aks holda, ukrainaliklarni so’kib turgan joyida Zelenskyning o’zi podkastiga chiqaman deganda yo’q demagan bo’lar edi. Bir narsani aytish adolatli: Rogan podkasti xususiy va uning shaxsiy dasturi, hohlagan odamini chaqiradi va hohlagan narsasini gapiradi. Lekin, agar Ukraina haqida gapirar ekan, Ukraina haqida xolisroq gapira oladiganlarga ham efir berish mumkin edi.
Yana bir narsani aytish adolatli bo’ladi: Jo Rogan doim MAGAchi bo’lmagan. Oldinroq progressiv qarashlarga ega va demokrat siyosatchilarni podkastiga chaqirib turar edi (Berni Sandersni, masalan). Ba’zi so’lchilar “bizga ham o’zimizning Jo Rogan kerak” deb xulosa qilishayotgan “sizda Jo Roganga o’xshagan podkastchi avval bo’lgan edi, uning ismi Jo Rogan” deyilmoqda. Qanday va nega Rogan MAGAchi bo’lgani boshqa masala, lekin oldingi qaraydigan bo’lsak, Roganning platformasi MAGAchilar tomonidan to’liq foydalanishiga ishonchim komil. Buni Roganning o’zi ham bugun tasdiqladi - Tramp bilan yangi epizod qilush uchun Trampning Mar-o-Lagodagi qarorgohiga borar ekan. Qarang, vitse-prezidentni podkastga chiqarish uchun Vashingtonga borgisi va Zelensky bilan podkastga suhbatlashgisi kelmagan odam Floridaga zudlik bilan borishga tayyor.
Podkast - bu yangi media.
2024 yilgi prezidentlik saylovi shuni aniq ko'rsatdiki, yangi media maydoni paydo bo'ldi. Amerikaliklar ma'lumot oladigan va siyosiy munozaraning an'anaviy maydonlari televidenie va gazetalar ta'sir doirasi qisqarmoqda.
18-29 yoshdagi amerikaliklarning qariyb 40 foizi yangiliklarni muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlardan, inflyuenserlardan olishadi.
100 millionta amerikalik esa har hafta kamida bitta podkast tinglar ekan, bu 12 yoshdan oshgan aholining 34 foizini tashkil qiladi. Ya'ni, odamlarning diqqat doirasi cheklanganligini inobatga olsak podkast va ijtimoiy tarmoq kesishmasi kuchli juftlikni tashkil etadi. Podkastlarning muhokamasi, iqtiboslari ham ijtimoiy tarmoqlarda keng aylanadiku.
Moving forward deganlaridek, podkastlarning ayniqsa yoshroq auditoriyaga ta’siri faqat oshib borishini kutish mumkin. Podkast auditoriyasi esa shunchaki yoshlar, va bekorchilar emas balki prezidentlik sayloviga ta’sir qiladigan, iqtisodiyot, siyosat va voqeliklar haqida vaybni yaratadigan, iste’mol qiladigan va uni tarqatadigan auditoriyadir. Buni bilganlar undan oqilona foydalanmoqdalar. Ijtimoiy tarmoq ham shunday. Elon Mask saylovdan keyin aytgan birinchi gaplaridan biri ham shu bo’lgan edi:
Siz nima deb o’ylaysiz, podkastlarning shiddatli ravishda o’sishiga va ta’siri kengayib borishiga qanday sabablar bor?
Joe Rogan va podkastlar bo’yicha fikrlar uchun rahmat. Xaftalik rubrikangizni qaytishini kutib qolamiz!
welcome back to substack :)